Breaking News

AQSh, Turkmaniston yillik muloqoti qanday kechdi?


AQSh Turkmanistonda ham ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlashda ko'maklashib kelmoqda
AQSh Turkmanistonda ham ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlashda ko'maklashib kelmoqda

14-aprel kuni Ashgabatda kechgan AQSh-Turkmaniston yillik muloqotiga Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Jon Mark Pommershaym boshchilik qilgan.

Xavfsizlik, ta'lim va madaniy hamkorlik, inson huquqlari, savdo va ekologiya sohasida birga ishlash xususida gaplashilgan.

Ashgabatga ko'ra, C5+1 Markaziy Osiyo va AQSh diplomatik platformasi samarali davra va Turkmanistonda undagi o'rni va rolidan mamnun.

Ota-bola Berdimuhammedovlar yuritadigan davlat AQSh bilan terrorga qarshi kurashda hamjihat ekanini bildirgan.

Bayden ma'muriyati Turkmaniston mustaqilligi va suverenitetini quvvatlashini va respublikaning xalqaro siyosiy masalalarda neytral ekanini e'tirof etgan.

Mamlakat paxta dalalaridagi vaziyatni Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatish uchun ruxsat berilgani, Amerika hukumati nazarida, ijobiy qadam. Turkmanistonda majburiy mehnat azaldan muammo va xalqaro tashkilotlar buni yillardan beri ko'tarib keladi.

Hukumat endilikda bu masala yuzasidan BMTning tegishli organlari bilan ishlashga moyil. AQSh buni olqishlamoqda va rasmiylarga ko'ra, tomonlar inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni muhokama qilishda davom etadi.

Davlat departamenti hisobotlarida, qolaversa huquq tashkilotlari tahlilnomalarida Turkmaniston dunyodagi eng yopiq tuzum va jamiyatlardan biri deya xulosa qilinadi, tasvirlanadi.

2024-yilning boshida AQSh homiyligida Turkmanistonning 250 o'qituvchisi ingliz tilini o'rgatish bo'yicha Ashgabatda malaka oshirdi
2024-yilning boshida AQSh homiyligida Turkmanistonning 250 o'qituvchisi ingliz tilini o'rgatish bo'yicha Ashgabatda malaka oshirdi

2023-yilning aprelida imzolangan memorandumga asosan AQSh va Turkmaniston ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlashda sheriklik qiladi. Vashington bu dasturlarni moliyaviy quvvatlaydi. Hozirda ikki davlat orasidagi eng salmoqli loyiha aynan shu yo'nalishda.

Atmosferaga zarar keltirayotgan gazlar hajmini kamaytirishda ham Ashgabat Vashington bilan yakdil, deydi rasmiylar. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi choralar ko'rish va atrof-muhit himoyasi yo'lida Turkmaniston qo'shni davlatlar va Amerika bilan birga qadam tashlashga shay.

C5+1 doirasida B5+1 biznes dialogi ham yo'lga qo'yilgan. Ashgabat u orqali mintaqaviy hamda AQSh bilan ikki tomonlama savdo ko'lamini oshirishni istaydi. Vashingtondan borgan delegatsiya buning uchun shartlar nimadan iborat ekanini eslatgan. Eng asosiylari - shaffoflik va qonun ustuvorligi.

Kelgusi muloqot 2025-yilda Vashingtonda bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG